Ayollar uchun homiladorlik haqida sayt

Homiladorlikning birinchi trimestri – o‘ta mas’uliyatli palla. Ayol kishining organizmi kichkintoyning tanasi hamda organlari vujudga kelishi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar, bir qator mikroelementlar va qo‘ying-chi, barcha zarur moddalarni yetarlicha miqdorda aynan shu davrda olishi kerak.

Birinchi trimestrda oldinda turgan barcha to‘qqiz oyning poydevori qo‘yiladi va ana shuning uchun ham bu davrda to‘g‘ri ovqatlanish ayniqsa muhimdir. Bo‘lg‘usi ona uchun ko‘p jihatlari bilan foydali bo‘ladigan mahsulotlardan biri qatiqdir. Qatiqning qimmatli va quvvatbaxsh xususiyatlari eskidan ma’lum. Sutdan tayyorlanadigan fermentlangan bu mahsulot xonadonlarimiz taomnomasining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan.

Homiladorlikning 1-trimestrida qatiq ichishga sabab bo‘ladigan kamida 10 ta omil bor.

Birinchidan: homiladorga oqsil moddasi zarur. Organizm uchun u o‘ziga xos “qurilish materiali” vazifasini o‘taydi, binobarin ayol organizmida katta miqyosdagi “qurilish” ketayotgan bo‘ladi. Qatiq – tarkibida oqsil moddasi juda yuqori bo‘lgan sut mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Agar sut bilan solishtiriladigan bo‘lsa, oqsil qatiq tarkibida yigirma foizga ko‘pdir. Bir piyola qatiqda (240–250 millilitr) oqsil moddasi bir kunlik me’yorining (kattalar uchun) beshdan bir qismi mavjud.

Ikkinchidan, qatiq – kalsiy manbai. Agar ona organizmiga yetarlicha miqdorda kalsiy kelib tushmasa, bu suyaklarning, dastavval tishlarning yemirilishiga olib kelishi mumkin. Buvijonlarimizning bir gapi bor: “qancha bola tuqqan bo‘lsam – shuncha tish yo‘qotganman” deyishadi. Mana shu narsa bo‘lmasligi uchun qatiq ichish kerak vassalom! Qolaversa, organizm boshqa mahsulotlardagi kalsiydan ko‘ra qatiqdagi kalsiyni tezroq o‘zlashtiradi.

Uchinchidan, qatiq til oqarishi ya’ni kandidozga qarshi kurashishga yordam beradi. Kandidozni qo‘zg‘atuvchi omillardan biri ham homiladorlik hisoblanadi. Qatiq esa nafaqat kandidoz balki vaginal infeksiyalar paydo bo‘lishining xavfini pasaytiradi.

Deerma DEM-F628S havo namlagichi

mahsulotlari arzon narxlarda

Kafolat 12 oy

255,000 so'mdan boshlab

Batafsil

To‘rtinchi jihat shundaki, qatiq qon tarkibida xolesterin darajasini kamaytirishga yordam beradi. Bunda so‘z, yuqorida eslatib o‘tilganidek, faqat tabiiy qatiq haqida ketmoqda! Aynan u “yomon” xolesterinni parchalashga yordam beradi.

Beshinchi vazifa shundaki, qatiq yordamida organizmni tozalash mumkin. Qatiq organizm uchun keraksiz bo‘lgan barcha zararli modda va shlaklarni yumshoqlik bilan “supurib” chiqaradi.

Oltinchisi – qatiq organizm uchun o‘ziga xos katalizator vazifasini o‘tashi mumkin. Bu so‘zni maktab davrida – kimyo darsida eshitganimizni eslaysizmi? Har qanday jarayonlarni tezlashtiruvchi moddalar shu nom bilan ataladi. Agar homilador ayol doimo qatiq ichib tursa, boshqa mahsulotlar ham organizmda tezroq o‘zlashtiriladi. Ayniqsa birinchi trimestrda qatiq vitaminlar va kalsiyning o‘zlashtirilishiga yaxshi yordam beradi.

Yettinchi foydasi – ichak infeksiyasini davolatgan ayollar uchun xos. Davolash kursi, odatda, antibiotiklarsiz o‘tmaydi, ular esa ichakning, qolaversa oshqozonning ham mikroflorasini kuchli tarzda ishdan chiqaradi. Qatiq esa uni tiklashga yordam beradi. Buning ustiga, qatiq antibiotiklar bilan charchatib yuborilgan oshqozonni achishtirmaydi, bu ham homilador ayol uchun o‘ta muhimdir.

Sakkizinchi afzalligi immunitetni yaxshilashida. Zero, bo‘lg‘usi ona iloji boricha xastalanmasligi kerak! Qatiq – qondagi oq hujayralarning do‘sti hisoblanadi, ularning ishlashiga yordam beradi. Binobarin, oq hujayralarning asosiy ishi esa aynan xastaliklarni qo‘zg‘atuvchilarga qarshi kurashishdir.

To‘qqizinchi foydasiga kelsak, qatiq amalda allergiyani qo‘zg‘atmaydi. Hatto tabiiy sut ichganda allergiyasi qo‘zg‘aydigan ayollar ham bemalol qatiq ichib, sutda mavjud bo‘lgan foydali moddalardan bahramand bo‘lishlari mumkin.

O‘ninchi foydasi shundaki, qatiq ichakning faoliyatini yaxshilaydi va me’yoriga keltiradi. Har kuni qatiq ichadigan homilador ayolni qabziyat bezovta qilmaydi, chunki u peristaltikani yaxshilaydi. Qatiq tarkibida bo‘lgan laktobakteriyalar va kalsiy saraton xastaligi xavfini kamaytiradi.

Yuqorida aytilganlarga qo‘shimcha tarzda shuni qayd etish kerakki, qatiq – shunchaki mazali taomdir. Bo‘lg‘usi ona uchun kayfiyatni xush qilib yurish vitamin va boshqa foydali narsalar kabi juda ham kerakdir.