Homiladorlik – o‘ta nozik va noyob jarayon hisoblanadi. Shuning uchun uning qanday kechishi juda muhim ahamiyatga ega. Homiladorlikning 5-haftasi akusherlik hisob-kitoblariga muvofiq bo‘yida bo‘lgan paytdan boshlab uchinchi hafta hisoblanadi. Bo‘lg‘usi ona homiladorlikning 5-haftasida uni nimalar kutayotgani, ayol kishi qanday belgi-alomatlarni his etishi mumkinligi, bu muddatda bola qanday rivojlanayotgani haqida boshqalardan ko‘ra ko‘proq bilgisi keladi.
Umuman olganda, bu g‘oyatda qulay vaqt hisoblanadi. Ayolning organizmi sekin-asta moslashmoqda, homila o‘sib-ulg‘ayishda davom etmoqda. Shuning uchun agar homiladorlik rejalashtirilgan va uzoq kutilgan bo‘lsa, qolaversa, siz uning mavjudligini taxmin qilayotgan bo‘lsangiz, unda nihoyatda ehtiyotkor bo‘ling va o‘z salomatligingiz borasida qayg‘urishni boshlang. Chunki aynan shu davrda bolaning barcha ichki organlari va tizimlari tarkib topa boshlaydi.
Homiladorlikning 5-haftasidagi sezgilar
Agar bo‘lg‘usi ona o‘z holatidagi o‘zgarishlarni hali sezmagan bo‘lsa, homiladorlikning dastlabki belgilari uni tez orada xabardor qiladi. Ayollarning aksar qismi o‘zlarining o‘zgargan maqomlari haqida aynan homiladorlikning 5-haftasida bilib qoladilar. Mazkur davr simptomlarning namoyon bo‘lishi boshlanishi bilan kechadi va ular bo‘yicha homiladorlik ro‘y berganini tahmin qilsa bo‘ladi.
Albatta, bunda eng birinchi va muhim belgi-alomat hayz ko‘rishning kechikishi hisoblanadi. Oy ko‘rishning to‘xtashidan tashqari, ayolni lohaslik va o‘zini noxush his etish bezovta qilishi mumkin, bular ayol organizmida ro‘y berayotgan gormonal qayta qurilish boshlanishi bilan bog‘liqdir.
Sirtdan qaraganda hali hech qanday o‘zgarishlar sezilmaydi. Ammo o‘z tanasiga sinchiklab nazar tashlasa, bo‘lg‘usi ona emchaklarining gardishi qoraya boshlayotganini, shuningdek, avvallari o‘ziga mos tushib turgan byustgalteri birdan tor kelib qolganini sezishi mumkin. Kamdan-kam hollarda kindikdan pastga qarab qoraygan chiziqcha paydo bo‘ladi. Mazkur belgilar homiladorlikning kechki muddatlarida aniq ko‘rinsa-da, lekin ular hozir ham o‘z nishonalarini ko‘rsatishi ehtimoldan holi emas.
Homiladorlikning 5-haftasidagi alomatlar
Homilaning besh haftalik muddatida test doim ham orziqib kutilgan ikkita chiziqchani ko‘rsatavermaydi. Sababi qonda homiladorlik gormonining darajasi hali juda kam bo‘ladi. Lekin bo‘lg‘usi ona o‘zida qayd etishi mumkin bo‘lgan quyidagi bir qator belgilar yuzaga chiqa boshlaydi:
- ko‘ngil aynishi, ayniqsa ertalabki vaqtlarda;
- sut bezlarining kattalashuvi va sezuvchanligining oshishi;
- ba‘zilarda qorin tortqilab og‘riydi;
- shuningdek turli hidlarga nisbatan ta’sirchanlik oshganligi qayd etiladi;
- uyquchanlik, lanjlik, tez toliqish va h.k.
Zero, alohida har bir kishining organizmi o‘ziga xos bo‘lgani kabi, har bir homiladorlik ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lishi mumkinligini unutmaslik kerak. Siz umuman hech qanday noxushliklarni sezmasligingiz va tanangizda yuz berayotgan o‘zgarishlarni his qilmasligingiz mumkin. Bu ham tabiiy hol, chunonchi mazkur muddatning o‘zi hali katta muddat emas-da. Homiladorlikning 5-haftasida biror-bir alomatlarning yuzaga chiqmasligidan esa qo‘rqmaslik kerak, bu ham tabiiy holatdir.
Ayol homiladorlikning 5-haftasida bir qator yangi o‘zgarishlarni o‘zida his etishi mumkin. Bunda jizzakilik, ta’sirchanlik va nozik ko’ngillik holatlari kuzatilishi, yoki aksincha, xushchaqchaqlik va allaqanday ruhiy shijoat paydo bo‘lishi mumkin. Bu holatlar tez-tez almashib turishi ehtimoldan xoli emas. Ba’zan siz kuch va quvvatga to‘lib-toshasiz, ba’zan yosh boladek yig‘loqi va ojiz bo‘lib qolasiz. Keskin harakatlar yoxud tana holatining o‘zgarishi oqibatida bosh aylanishi mumkin, ba’zida qorin og‘riydi. Homiladorlikning 5-haftasida hatto ajralmalar chiqishi ham mumkin, agar ular ko‘p miqdorda bo‘lmasa va kuchli og‘riqlar bilan kelmasa, ularni tabiiy hol va me’yorda desa bo‘ladi.
Homiladorlikning 5-haftasida nimalar sodir bo‘ladi
Homiladorlikning 5-haftasida homila hali juda kichik bo‘ladi. Lekin UZIdan o‘tayotganda uning mavjudligini sizga aniq aytishadi. Aksariyat hollarda shifokor bachadon bo‘shlig‘ida otalangan tuxum borligini aniqlay oladi xolos.
Bo‘lg‘usi kichkintoyda ichki organlar murtaklarining shakllanishi davom etmoqda. Shu davrda jajji bolakayning nafas yo‘l va asab tizimlari shakllanishni boshlaydi. Ayni paytda u bosh miya murtagi bilan tugaydigan bor-yo‘g‘i birgina asab trubkasi sifatida namoyon bo‘ladi. Homila organizmining hujayralari faol tarzda bo‘linishni davom ettirmoqda. Aynan shu muddatda qon tomirlari va yurak tizimi shakllana boshlaydi. Tez vaqt oralig‘ida u o‘z faoliyatini boshlab yuboradi. Garchi tasavvur qilish qiyin bo‘lsa-da, lekin jimitning yuraklari ura boshlaydi. Homiladorlikning 5-haftasida homilaning hajmi uzunasiga bor-yo‘g‘i 2 mm ni tashkil etadi.
Ushbu muddatda bolaning tushib qolish xavfi hali ham yuqoriligicha qoladi. Shuning uchun o‘ta faol harakatlar qilish, sport bilan shug‘ullanish va jismoniy zo‘riqishlardan yaqin to‘qqiz oyga o‘zni cheklab turish kerak.