Tug‘ruqni kun sayin emas, hatto soat sayin kutishga o‘tganmiz. U istalgan paytda boshlanib qolishi mumkin. Yaratganning O‘zi bu muddatni belgilab bergan, bizning hisob-kitoblarimiz esa faqat taxminiy chamalashga asoslanadi.
Kichkintoy o‘zini qanday his qiladi
Bolakay bachadonni butunlay egallab olgan, uning harakatlari sekinlashmoqda, faolroq bo‘lish uchun unga joy torlik qiladi.
Hozirgi paytda bolaning vazni 3,2–3,8 kg ni, bo‘yi – 50–54 sm ni tashkil etadi. Bu aynan tug‘ishga oid parametrlardir. Binobarin, qizlar yengilroq vaznda, lekin o‘g‘il bolalarga qaraganda bo‘ychanroq bo‘lib tug‘ilishlari mumkin.
Bachadon ichida yotar ekan, bolajoningiz qorong‘ilikdan, so‘nggi haftalarda esa joyning torligidan charchab ketdi. Estrogenning miqdori yuqoriligidan hozir uning ko‘krak bezlari biroz do‘ppaygan, bularning hammasi tug‘ruqdan keyin bir necha hafta o‘tgach o‘z joyiga tushadi. Yangi tug‘ilgan qiz chaqaloqlarda mazkur estrogenning ko‘paygani oqibatida vaginal ajralmalar chiqishi mumkin. Hali tug‘ilib ulgurmagan bolalarning ichagida yig‘ilib qolgan mekoniy (dastlabki axlat) esa steril bo‘ladi, lekin bola tug‘ilishi bilanoq ichakka turli xil mikroorganizmlar joylashib oladilar.
Qandaysan, chaqaloq?
Yangi tug‘ilgan chaqaloq ota-onasini har tomonlama hayratda qoldirishi mumkin. Birinchidan, u odatda kutilgan sanadan bir necha kun farqlanuvchi tug‘ilgan kuni bilan ajablantiradi. Ikkinchidan, o‘zining tashqi ko‘rinishi bilan hayratlantiradi.
Endigina tug‘ilgan bolalar g‘aroyib ko‘rinishli bo‘ladi: boshi noto‘g‘ri shaklga ega bo‘lishi mumkin (lekin u 1–2 kun orasida to‘g‘rilanib ketadi); terisining rangi g‘ayritabiiy rangda – kulrang-ko‘kishdan tortib, jigar ranggacha va hatto sarg‘ish rangda ham bo‘lishi mumkin. Binobarin, bolakayning terisi hali sirsimon moy (vernix caseosa), qoningiz yoki mekoniy bilan qoplangan bo‘lishi mumkin.
Bulardan tashqari chaqaloqning badanida pigment dog‘lari yoki qasmoqlar uchrashi mumkin, ular vaqt o‘tishi bilan yo‘q bo‘lib ketadi.
Chinqirish – shart
O‘zining tug‘ilganini bildirib, jar solib chinqirish har bir chaqaloqning majburiyatidir. Birinchi chinqirishi bilan u ilk bor nafas oladi, o‘pkasini rostlaydi va mustaqil nafas olishga kirishib ketadi.
Agar bolakay yig‘lashni xohlamasa, uning ketiga yengilgina shapatilab yig‘latishadi.
Ona o‘zini qanday his qiladi
Va nihoyat ona hajman kattalashishdan to‘xtadi, qo‘shimcha 12–16 kg vaznni to‘plab olgach endi u tug‘ruqqacha shu vaznda qoladi. Bachadon mumkin qadar kattalashib bo‘ldi va hozir qov simfizidan 36–40 sm va kindikdan 16–20 sm masofada joylashgan.
Qorin terisi shu qadar qattiq tortilganki, ba’zi-ba’zida unda qichishishlar seziladi. Homiladorlikning 40-haftasida shilliq tiqin chiqib ketadi, to‘lg‘oq boshlanadi.
40-haftada onalarni ikkita savol bezovta qilishi mumkin:
- Nima uchun kichkintoy haligacha tug‘ilmadi?
- Agar u tug‘ilishni istab qolsa, nima qilish kerak?
Tinchlaning. Bolangiz jismonan va ruhan tayyor bo‘lganidan keyin tug‘iladi. Onadan ham ko‘proq xavotirga tushayotgan qarindoshlar ham tinchlanishlari lozim.
Ikkinchi tug‘ruq
Shunday qilib, mana homiladorlikning 40-haftasidasiz – keyingi tug‘ruqlar avvalgilaridan shubhasiz farqlanadi. Buni sizga har bir ginekolog aytishi mumkin. Lekin ularning qancha davom etishini hech kim aniq ayta olmaydi. Bachadon bo‘yni keyingi tug‘ruqlarda osonroq ochiladi, sababi organizm bu jarayonni oldin “boshidan kechirgan-da”. Shu sababli to‘lg‘oqlar davriyligi oldingilaridan qisqaroq bo‘ladi.
Homiladorlikning 40-haftasi: qorin toshdek qotadi
Statistikaga ko‘ra, ko‘p ayollar aynan shu davrda tug‘ishadi. Homiladorlik muddati katta, kichkintoy bugun-erta dunyoga kelishi mumkin. Shu tufayli agar homiladorlikning 40-haftasida qorin toshdek qotsa, to‘lg‘oqni eslatuvchi og‘riqlar davri-davri bilan tez-tez yuzaga kelib tursa, qorin pastga tushib ketsa – bularning hammasi tug‘ruq faoliyati boshlanayotganidan dalolatdir.
Eng muhim palla
Tug‘ruq boshlanishini kutar ekansiz, xotirjamlikni yo‘qotmang. Mayda-chuydalarga asabiylashmang. Yaxshi kayfiyatni saqlab yuring. To‘lg‘oqlar vaqtida relaksatsiya va to‘g‘ri nafas olish mashqlarini bajaring. Sizning organizmingiz bu pallaga uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rgan. Mana, u keldi. Haqiqiy to‘lg‘oqlar boshlanganida avval ishlab chiqilgan rejaga asosan vahimasiz va shoshma-shosharliksiz ish tuting.
Siz juda katta ishni bajardingiz! Siz bu murakkab yo‘lni butunlay bosib o‘tdingiz! Sizning mukofotingiz – farzandingiz! Yangi odam va davomchingiz! Muborak bo‘lsin!