Tug‘ruq bugun yoki ertagayoq boshlanishi mumkin yoxud yana bir oy “sabr qilishi” ham ehtimoldan xoli emas. Bularning hammasi – normal holat. Agar siz qiz farzand kutayotgan bo‘lsangiz, uning aynan shu haftada tug‘ilishi ehtimolga yaqinroq. Odatda qizlar dunyoga kelishlari bilan odamni xursand qilishga shoshiladilar.
Uzoq vaqt yolg‘iz qolmaslikka harakat qiling. Agar yoningizda hech kim bo‘lmasa, telefon doim o‘zingizda tursin. Homiladorlikning 38-haftasidagi tug‘ruq o‘z vaqtidagi va maromiga yetilgan tug‘ruq hisoblanadi.
Kichkintoy o‘zini qanday his qilmoqda
Bolakayning og‘irligi 3 kg ga yetgan yoki shu vazn atrofida, bo‘yi – 48–50 sm. U hali ham yo‘ldosh orqali oziqlanadi. Bolakayning tanasida momiq tuklar g’oyib bo’lishi, sirsimon moy (vernix caseosa) miqdori kamayishi kerak.
Bu muddatda o‘g‘il bolalarning tuxumi moyagiga tushadi. Homiladorlikning 38-haftasida bola o‘zini bachadon ichida ancha siqilgan his qiladi, shuning uchun kamroq turtinadi. Biroq uning harakatlari ancha muvofiqlashib qolgan va u bachadon devorlaridan tashqaridagi hayotga tayyor turibdi.
Me’yor bo‘yicha kichkintoyning yuragi daqiqasiga 120–160 zarb uradi, u tashqariga chiqish maqsadida boshi bilan onaning tosiga tiranib olgan. Tug‘ilishga tap-tayyor.
Ona o‘zini qanday his qiladi
Hozir yo‘ldoshning og‘irligi 1–2 kg keladi, uning kattaligi diametrda – 20 sm ni tashkil etadi. Bachadon kindikdan 16–18 sm uzoqlashgan, u qov simfizidan 36–38 sm balandlikda turibdi. Bu muddatda siz yanada ko‘proq noqulaylikni his etishingiz mumkin: shishlar ko‘payishi, yaxshi uxlamaslik va yolg‘ondakam to‘lg‘oqlar bo‘lg‘usi onani mazkur hafta davomida ta’qib qiladi.
Agar uyqu kelmasa, kechki tomon bir stakan issiq sut iching (uni hazm qila olsangiz), chap yonboshingiz bilan yotib ko‘ring; oyoqlaringiz kamroq shishishi uchun uzoq vaqt o‘tirish va oyoqda turishdan o‘zingizni tiying, sho‘r ovqatlardan voz keching, oyoqlaringizni balandlikda tuting. Agar to‘lg‘oqlar bezovta qilsa-yu, lekin siz uning chin yoki yolg‘ondakam ekanligini tushuna olmayatgan bo‘lsangiz, to‘lg‘oq yana boshlangan vaqtda xona bo‘ylab yurib ko‘ring – yolg‘ondakam to‘lg‘oq harakat paytida o‘tib ketadi.
Ko‘kragingiz og‘irlashib qolgan, shuning uchun u tabiiy gazlamali kiyim talab qiladi. Hozir siz zich ip gazlamadan tayyorlangan ko‘krakbog‘ taqqaningiz ma’qul. Organizmingiz tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rmoqda, gormonal fon o‘zgaryapti, toz suyaklaringiz siljib, tog‘ay va bog‘lamlar yumshamoqda.
Siz tug‘adigan bola o‘g‘il yoki qiz bo‘lishini ham hoynahoy allaqachon bilib bo‘lgansiz.
Homiladorlikning 38-haftasi: qorin
Onaning qorni o’zining maksimal kattaligiga yetgan. Terisi cho‘zilgan va vaqti-vaqti bilan qichishib turadi, bundan har kuni maxsus yog‘li krem yoki bodom moyini surtish bilan xalos bo‘lish mumkin. Ko‘pgina ayollar homiladorlikning 38-haftasida qorinning pastki qismida og‘riqni, kindikning o‘z uyasidan bo‘rtib chiqib “pufakcha” hosil bo‘lganini kuzatishlari mumkin. Bu o‘rinda bitta maslahat bera olamiz – tushkunlikka tushish kerak emas, bularning hammasi tug‘ruqdan keyin o‘tib ketadi va o‘z o‘rniga qaytadi.
Ikkinchi homiladorlik
Agar siz homiladorlikning 38-haftasida turgan bo‘lsangiz va bu siz uchun ikkinchi homiladorlik bo‘lsa, u holda tug‘ruq to‘satdan boshlanib qolishi mumkinligiga tayyor turing. Shuni bilingki, ikkinchi va undan keyingi farzandlar tezroq va ko‘pincha osonroq tug‘ilishadi. Biroq og‘riq sezgilari ba’zida kuchliroq bo‘ladi.
Demak, homiladorlikning 38-haftasi – ikkinchi tug‘ruq: ayolning tanasi tug‘ruqqa tayyor va u “nima qilish”ni yaxshi biladi. O‘z sezgilaringizga quloq soling va “boshlandi” deguncha, har holatga shay turing!
Homiladorlik – 38-hafta: qorin toshdek qotadi
Ona organizmi qornida yotgan bolaning dunyo yuzini ko‘rishi uchun butunlay tayyorlangan. Agar homiladorlikning 38-haftasida qorin toshdek qotsa, ajralmalar paydo bo‘lsa, vaqti-vaqti bilan qorinning pastki qismida og‘riqlar bo‘lsa, orqa tortqilab tursa – bu belgilarning barchasi tug‘ruq yaqinlashganligidan darak beradi. Ba’zilarda mazkur belgilar uncha kuchli sezilmasa, ayrimlarni ular horitadi.
Agar kichkintoy jim tursa
Homiladorlikning 38–39-haftalarida bolakay tiqilinchda na sho‘xlik qila oladi, na ortiqcha burila oladi. Shuning uchun u uxlashni ma’qul topadi. Lekin ba’zi qimirlashlarni ona vaqti-vaqti bilan payqashi lozim.
Bolajoningizga, o‘zingizga quloq soling. Mabodo bola juda uzoq vaqt jim qolsa, darhol tekshirtirish uchun shifokorga murojaat qiling.
“Sarishtalik sindromi”
Homiladorlikning 38-haftasida bo‘lg‘usi onalar uy yumushlarini bajarishga aql bovar qilmaydigan darajadagi g‘ayrat bilan kirishishadi. Ular hozirning o‘zida hamma narsani eplab tashlaydigandek bo‘lishadi. Uy bekasining bunday faolligiga oksitotsin moddasining ajrab chiqishi sababdir, u odatda, bevosita tug‘ruq oldidan ajrab chiqishni boshlaydi.
Agar sizda ham uy-hovlilarni yog‘ tushsa yalagudek qilib “ko‘tarish” niyati paydo bo‘lgan bo‘lsa, bu ishni qilavering. Lekin o‘zingizni ehtiyotlang, homilador ayollar qurbi ko‘tarmaydigan og‘ir yumushga qo‘l urmang. Mazkur muddatda shvabra ishlatadigan bo‘lsangiz, u sizni tug‘ruqxonagacha yetaklashi mumkinligini unutmang.
Homiladorlikning 38-haftasi – tug‘ruqning darakchilari
Asosiy voqelik sodir bo‘lishi uzoq haftalardan buyon kutilmoqda. Organizm tug‘ruqqa tappa-tayyor. Tana asta-sekin tug‘ruq yaqinlashayotgani to‘g‘risida belgilar bera boshlaydi. Odatda bu “darakchilar” o‘xshash bo‘ladi:
- qorinning tushishi;
- tortishish hissi;
- qorin ustki qismining vaqtincha tosh qotishi;
- bachadon tonusining oshishi;
- ajralmalar chiqishi;
- vaznning biroz kamayishi.
Homiladorlikning 38-haftasida tug‘ish
Bu muddat normal holda tug‘ish uchun juda mos keladi. Agar sizning holatingizda bolani kesarev usulidagi jarrohlik amaliyoti orqali tug‘dirish rejalashtirilgan bo‘lsa, unda siz hozirdan tug‘ruqxonaga yotishingiz kerak. Shifokor jarrohlik amaliyoti sanasini belgilashi mumkin.
Ko‘nglingizni cho‘ktirmang va tug‘ruq yengil va asoratlarsiz o‘tishiga ishoning.
Bola ham, ona ham bunga tayyorlar! Vahimaga o‘rin yo‘q! O‘y-fikrlaringizni jamlang, o‘zingizni bo‘sh qo‘ying va yaxshilikka jahd qiling!
Tug‘ruqxonangizni bilasizmi?
Ko‘z yorishga ahd qilgan ekansiz, demak tug‘ruqxonadagi tartib-qoidalardan ham xabardor bo‘lgan bo‘lsangiz ajab emas: o‘zingiz bilan nimalar olishingiz kerak, dori-darmon xarid qilasizmi yoki kerakli dorilarning hammasi muassasaning o‘zida bormi. Bo‘lmasa, hozir ularni tayyorlab qo‘yishning ayni vaqti.
Ashyolar solingan kattagina xaltadan tashqari tug‘ruqxonaga asosiy narsani – tetik kayfiyat va yaxshi hissiyotlarni o‘zingiz bilan birga olishni unutmang. Yaqinda oilangizda xursandchilik va bayram bo‘ladi.