Homiladorlikning 34-haftasi yetib kelganda bo‘lg‘usi onani ko‘zdan qochirmaslik kerak. Yoki uning o‘zi holatini vijdonan nazoratga olishi lozim.
34-haftada Brekston Xiks to‘lg‘oqlari tobora muntazamroq ro‘y beradi – bachadonning yuqori qismida yuzaga keladigan og‘riqlar butun qorin sohasi bo‘ylab tarqalib, keyin to‘xtaydi. Lekin bu tug‘ruq vaqtida bo‘ladigan haqiqiy to‘lg‘oq og‘rig‘i emas, shuning uchun undan xavotirlanmang. Bordiyu suv ketish holati yuz bersa, xavotirlanish hamda shifokorga borish o‘rinli bo‘ladi.
Homiladorlikning 34-haftasi – homilaning o‘lchamlari
Homiladorlikning 34-haftasida gestatsion muddat (homilaning yoshi) 32 haftani tashkil etadi. Uning vazni ham yetarlicha og‘irlashgan: 2,2–2,4 kg. Homiladorlikning 34-haftasida homilaning o‘lchamlari 43–44 sm atrofida bo‘ladi. Bolakay o‘sib boradi, murtak tuklarini to‘kadi, rangi oqqa moyilroq bo‘la boshlaydi, terisidagi qizillik deyarli qolmaydi. Bu haftada bolaning umumiy vaznida yog‘ning ulushi 8 foizni tashkil etadi.
Homiladorlikning taxminan 34–35-haftalarida sirsimon moy (vernix caseosa)ning qatlami yanada ko‘payadi – shu tariqa kichkintoyning terisi homila atrofidagi suvlarga matseratsiya bo‘lishdan (qattiq moddaning suyuqlikka botishi oqibatida yumshashi. Akusherlikda bu homilaning ajralishi deyiladi) maksimal darajada muhofazalanadi. Mabodo bolakay muddatidan avval tug‘ilishni xohlagudek bo‘lsa, aynan shu miqdordagi moy uning tug‘ruq yo‘llari bo‘ylab sirpanishini osonlashtiradi.
Agar bolangiz shu haftada tug‘iladigan bo‘lsa, uni chala tug‘ilgan emas, balki muddatidan oldin tug‘ilgan bola sifatida qayd etishadi. Bunday bolalar butunlay mustaqil ravishda nafas ola biladilar va ular intensiv qarovga ehtiyoj sezishmaydi.
Homiladorlikning 34-haftasi– qimirlashlar
Bolakay kun emas, deyarli soat sayin o‘smoqda. Shuning uchun sekin-asta onasining qorni unga torayib boraveradi. Endilikda uning aylanish va qayrilishlari oldingidek mohirona emas. Homiladorlikning 34-haftasida qimirlashlar ancha o‘zgargan: kichkintoyning harakatlari yo‘ldoshning devorlari bilan cheklanib qolgan. Mazkur davrda “sho‘x bolakay” biroz tinchigani sababli ona ham andak halovat topdi desa bo‘ladi.
Ona o‘zini qanday his etadi
Organizm tug‘ruqqa intensiv tayyorlanishda davom etadi. Bachadonning yuqori nuqtasi kindikdan 14 sm, qov simfizidan to‘liq 34 sm yuqorida turadi. Bachadonning o‘lchami 30–32 sm ga yetgan, u dastlabki o‘lchamlariga nisbatan 500 martaga kattalashib, 10 barobarga og‘irlashgan.
Homiladorlikning 34-haftasida homila atrofidagi suvlarning hajmi bir litr atrofida. Homiladorlikning ikkinchi oyini eslaysizmi, masalan, ularning hajmi bor-yo‘g‘i 20 ml bo‘lgan.
Ushbu bosqichda siz belingizda og‘irlikni his etishingiz mumkin. Undan biroz qutulish maqsadida uxlashdan oldin tos bilan chapga-o‘ngga aylanma harakatlar qiling. Sut bezlari kattalashadi, vaqti-vaqti bilan ulardan og‘iz suti ajralib chiqadi, yo‘ldosh gormonlarining sut ishlab chiqarish jarayoni o‘tgan haftadayoq ishga tushib ketgan, bu jarayon mazkur haftada davom etadi.
Jinsiy aloqani keyinga qoldirgan ma’qul
34-haftada jinsiy aloqa bilan shug‘ullanishda nihoyat! maksimal darajada! juda ham ehtiyot bo‘ling. Yaxshisi bu ishlarni keyinga qoldiring.
Birinchidan, bu pallada bolani bezovta qilmagan ma’qul, u behosdan holatini o‘zgartirib dumbasi bilan pastga ag‘darilib olishining ehtimoli bor, ikkinchidan, ayolning jinsiy yo‘llari hozir tug‘ish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish bilan band, shu tufayli ular ancha zaiflashgan. Har qancha ehtiyot qilmang, u yerga infeksiya kiritish hozir oson.
Harakatlaringiz rejasini tuzing
Odatda bu vaqtda ayollar tug‘ruqxonani tanlab qo‘yishgan bo‘lishadi, shifokor bilan tanishishadi, uning telefon raqamini olishadi, aynan shu tug‘ruqxonaga olib kelinadigan narsalarning ro‘yxatini aniqlashtirishadi.
34-haftada siz toza havoda sayr qilishga ko‘proq vaqt ajratishingiz (bu talab aslida butun homiladorlik davri uchun tegishli), sokin turmush tarzi kechirishingiz lozim, turli xil stresslar va ortiqcha jismoniy yuklamalardan o‘zingizni olib qochishingiz, og‘irlik qiladigan ishlardan uzoqroq yurishingiz lozim – tug‘ruq o‘z vaqtidan ilgari yuz bermasligining tadbirlarini ko‘rishingiz kerak.
Imkoniyatdan foydalanib qoling – to‘yib uxlang, dam oling, yoqimli musiqa tinglang va ijobiy mazmundagi kitoblar o‘qing. Bolajoningizga alla aytishni unutmang – u sizni eshitadi.