Dekret ta’tiliga chiqishdan oldingi oxirgi hafta – homiladorlikning 29-haftasi yetib keldi. Ba’zi baxtli ayollar allaqachon dekretga chiqib bo‘lishgan, va nihoyat ular butun diqqat-e’tiborlarini to‘lig‘icha homiladorlikning yakuniy bosqichiga qarata oladilar. Endi siz har bir yangi belgini sabrsizlik bilan kutasiz va kichkintoy bilan uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rasiz.
Shifokorga tez-tez qatnashingizga to‘g‘ri keladi, yosh onalar maktabiga ham borish vaqti yaqinlashmoqda. O‘zingizning yangi holatingizga ko‘nikma hosil qilib boring: tanangiz uchun qulay holatlarni qidiring, kun tartibini o‘z holatingizga moslang, yaqinlaringiz yordamini qabul qiling.
Ayol. Kun tartibi va vazn nazorati
Agar siz homiladorlikning 29 – 30-haftalarida turgan bo‘lsangiz, bu muddatda eng muhim narsa vaznni nazorat qilish hisoblanadi. Shifokoringizga quloq soling, intizomli mijozlardan bo‘ling. Ortiqcha vazn sizga ham, bolaga ham kerak emas. Kichkintoyingiz qanday og‘irlikda bo‘lishi kerakligini taqdir izmiga qo‘yib qo‘ying. Uning kattaligi sizning tos suyagingiz hajmiga “moslashib” olaveradi. Tabiiy o‘sish qonuniyatlarini o‘zgartiraman deb o‘ylamang: ortiqcha yemang, polivitaminlar uzluksiz qabul qilinishi mumkin emas. Ularni qabul qilish muddati va miqdorini sizga shifokoringiz aytadi.
Jig‘ildon qaynashi, ko‘ngil aynashi, beldagi og‘riqlar, uyqusizlik – bularning hammasi homiladorlikning 29-haftasida yuz berishi mumkin. Lekin bu noqulayliklarning rivojlanmasligi sizning irodangizga bog‘liq. Kam-kamdan yesangiz jig‘ildon qaynashi unchalik sezilmaydi. Noqulay holatda o‘tirmang, o‘zingizga qulay bo‘lgan poyabzalda yuring – shunda bel og‘riqlari qiynamaydi. Imkon boricha muayyan bir vaqtda va havosi shamollatib tozalangan xonada uxlang.
Homiladorlikning 29-haftasi – homilaning rivojlanishi
Agar bola 29-haftada tug‘iladigan bo‘lsa, uning yashab qolish imkoniyati yuqori bo‘ladi. Bolaga xuddi onasining qornidagi shart-sharoitni muhayyo etadigan maxsus jihoz kerak bo‘ladi, biroq 90% imkoniyat bolaning o‘zida mavjud – bu esa yashovchanlikning yuqori darajasi hisoblanadi.
Homiladorlik o‘zining 29-haftasiga yetgan davr bola rivojlanishining faol tarzda oq yog‘ yig‘ayotgan, vazni og‘irlashayotgan pallasi hisoblanadi. Darvoqe, hozir kichkintoyning yonoqlari do‘mboqlashib qolgan. Yog‘ ham birinchi navbatda yig‘iladigan, ham birinchi so‘rilib ketadigan joy yonoqlardir. Azaldan buyon shunday bo‘lib keladi, buning hikmati shundaki, bolakay hayotining eng ahamiyatli birinchi yilida onasining ko‘kragini emishi osonlashadi.
Go‘dak xuddi yangi tug‘ilgan chaqaloqdek ko‘rinishga ega bo‘ladi. Homiladorlikning oxirgi haftalaridagi uning asosiy vazifasi – vazn yig‘ish va o‘pkasini mustaqil katta ishga tayyorlashdan iborat.
Kichkintoyning eshitish, ko‘rish, hid va ta’m bilish qobiliyatlari shakllangan. U yorug‘lik va qorong‘ilikni ajrata oladi, to‘g‘ri, hali unda nazarini ma’lum nuqtaga jamlash layoqati mavjud emas. Tug‘ilish vaqtida bu layoqatga ham ega bo‘lib qoladi.
Homiladorlikning 29-haftasi – bolaning vazni
Bu bolaning yurak urishini eshitsa bo‘ladigan vaqtdir. Bolakay ancha yiriklashgan, bu uning ichki organlarini yaxshilab ko‘rish va eshitishga imkon beradi. Agar siz homiladorlikning 29-haftasida turgan bo‘lsangiz, bolaning vazni 1200 grammdan kam bo‘lmasligi kerak. Kichkintoyning bo‘yi 35 santimetrdan uzun bo‘lishi mumkin.
Homiladorlikning 29-haftasi – qimirlashlar
Bolaning harakatlarini ko‘proq sezish mumkin, agar siz homiladorlikning 29-haftasida turgan bo‘lsangiz, bu ajablanarli emas. Kichkintoyni hiqichoq tutishi, ko‘zini ochib-yumishi, cho‘chib seskanishi yoki qo‘lchalari yoxud oyoqchalari bilan o‘ynashi mumkin. Kichkintoyning har bir harakati onasiga aniq-tiniq sezilib turadi. Bu hol yoqimsiz hissiyotlarni keltirib chiqarmaydi, albatta, lekin ba’zi noqulayliklar yuzaga kelishi aniq.
Tug‘ruqdan keyingi depressiyaning oldini olishning ayni vaqti
Homiladorlikning 29-haftasi – siz dekret ta’tilini olish arafasidasiz. Bu hayotingizning yangi bosqichi boshlanayotgan davrdir, endi butun diqqat-e’tiboringiz, yumushlaringiz, xayol va hissiyotlaringiz bolaga qaratilgan bo‘ladi. Bolalar tarbiyasiga oid yaxshi kitoblar o‘qishning ayni pallasi kelgan. Olgan bilimlaringiz sizga asqotadi, lekin chaqalog‘ingiz tug‘ilgandan keyingi birinchi oylarda bunday adabiyotni o‘qib o‘tirishga vaqt ko‘p bo‘lmaydi.
Bolalar tug‘ilishi bilan bog‘liq bo‘lgan qayg‘uli film va ko‘rsatuvlarni ko‘rmagan ma’qul. Faqat ijobiy hissiyotlar, bolalarning dunyoga kelishi bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni tomosha qiling. Ruhiy jihatdan kishi o‘zini har narsaga tayyorlashga qodir bo‘ladi, shuning uchun sizning asosiy vazifangiz – sog‘lom, muvaffaqiyatli tug‘ruqlarga hamda kelgusidagi voqeliklarni to‘g‘ri, o‘z boricha qabul qila olishga tayyorgarlik ko‘rishdan iboratdir. Tug‘ruqdan keyingi depressiyaning oldini olish hozirdan boshlanadi.
Ziravorlar va allergenlarsiz
Barcha narsalar avvalgidek qoladi: qovurilgan ovqatlar, achchiq, dudlangan, tuzlangan narsalarni yemaysiz. Ziravorlar, xamirli ovqatlar va shirinliklardan deyarli voz kechamiz. Mevalar, sabzavotlar, tvorog, bo‘tqa, baliq va go‘shtning yog‘siz xilidan tanovvul qiling. Agar shishlar bo‘lsa, suyuqlik ichish tartibiga tuzatishlar kiritamiz.
Allergen moddalari mavjud bo‘lgan ovqatdan ham o‘zimizni tiyamiz.
Faqat umumiy tahlillar o‘tkaziladi
Odatda, umumiy siydik va qon tahlilidan tashqari, mazkur muddatda boshqa tahlillar tayinlanmaydi. Ko‘pincha flora uchun ham surtma olinadi. Ultratovushli tekshiruvni faqat ko‘rsatma bo‘yicha tayinlashadi.
Yaqin orada siz shifokorga yanada ko‘proq qatnaydigan bo‘lasiz. Shunday qilsangiz, o‘zingizning ham ko‘nglingiz xotirjam bo‘ladi: sizni xavotirlaringiz qurboni bo‘lishga yo‘l qo‘ymaydigan mutaxassisning muntazam nazoratida bo‘lasiz-da.
Agar o‘z ustingizda ishlasangiz…
Agar siz o‘z vazningizni nazoratda ushlayotgan, to‘g‘ri ovqatlanayotgan va mayli, ozgina bo‘lsa-da, shifobaxsh gimnastika bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz, bu ishlaringiz uchun ko‘pchilikdan tasanno eshitishingiz ajab emas.
Ko‘pchilik ayollar hech qachon sochlari homiladorlik vaqtidagidek tez o‘smaganligini qayd etishadi. Bu juda to‘g‘ri, gormonal o‘zgarishlar gajaklar holatiga ko‘pincha ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sartarosh, manikyur bo‘yicha mutaxassis oldiga borishdan voz kechmang. Hozir sizning go‘zal bo‘lib yurishingiz bu ajib holatni hayotingizning eng baxtli davrlaridan bir esdalik sifatida eslab qolish uchun yana bir ajoyib imkoniyatdir.