Hozir siz homiladorlikning yettinchi oyi o‘rtasida turibsiz. 28-hafta – bu endi uchinchi trimestr degani. Tug‘ruqqacha unchalik ko‘p vaqt qolgani yo‘q, lekin unga tayyorgarlik ham ko‘rish kerak. Ba’zida seziladigan lohaslik dam olish kerakligini eslatib tursa-da, ko‘pchilik ayollar bu muddatda ishlashda davom etishadi. Darhaqiqat, dekret ta’tiliga ham oz qoldi.
Siz hali ham odatdagi kun tartibi bilan yashayapsiz, lekin bu o‘zgalar ko‘magiga muhtoj emasligingizni bildirmaydi. Homiladorlikning 28-haftasida biror xavfli yumush bilan shug‘ullanmang: og‘ir yuk ko‘tarmang, parda ilmang va kiyimlarni dorga osmang, charchatadigan ishlarni qilmang.
Homiladorlikning 28-haftasi – qimirlashlar
Kichkintoyning qimirlashlari ancha kuchaygan – homiladorlikning 28-haftasida homila yetarlicha faollashgan bo‘ladi. Onalar qorinning teri qoplami ustidanoq bolajonlarining o‘zgarib turgan harakatlarini aniq-tiniq his etishlari, hatto ko‘rishlari ham mumkin. Ba’zida qorin o‘ng tomonga siljiydi, keyin esa aksincha, chap tomonga og‘adi. Agar siz homiladorlikning 28-haftasida bo‘lsangiz, bolaning qimirlashlaridan qutula olmaysiz! Bu holat homiladorlikning o‘ttiz ikkinchi haftasiga qadar davom etadi. Shundan so‘ng bolaga bachadon torlik qiladi, uning faolligini bunchalik aniq sezmaydigan bo‘lasiz.
Demak, 28 – 29-haftalardagi homiladorlik: bu davrga kelib siz 9 kg atrofida vazn to‘plagansiz. O‘zingizni bir oz beso‘naqay his etsangiz-da, ushbu qo‘shimcha vazn sizga hali ham ancha harakatchan bo‘lish imkonini beradi. Ko‘pgina lohasliklarga ko‘nikib bo‘lgansiz, zero, ularning hammasi sizni bezovta qilmasligi ham mumkin. Kimnidir ikkinchi trimestrning o‘rtasidan boshlab jig‘ildon qaynashi qiynaydi, kimdir esa jig‘ildon qaynashi ham, ko‘ngil aynishi ham, orqadagi og‘riqlar ham chetlab o‘tadi.
Homiladorlikning 28-haftasi – homilaning vazni
Homiladorlikning 28-haftasidagi muddatda: homilaning vazni bir kilogrammdan oshadi, kichkintoy tanasining kattaligi 34 sm gacha yetishi mumkin. U endi ancha katta bo‘lib qolgan, juda o‘zgargan – ko‘z qisish va shirin hamda nordon ta’mni his qilishni o‘rgangan.
Lekin hozircha bolada biror-bir ta’mni afzal bilish ko‘nikmasi mavjud emas. Ko‘pincha u onasini yoqlaydi. Shuning uchun agar ona o‘tkir qayla va ziravorlar muxlisi bo‘lsa – bolakay beixtiyor ularga ko‘nikadi.
Hozir bolaga sog‘lom ta’mlarni singdirish mumkin!
Homiladorlikning 28-haftasida homilaning ahvoli
Homilaning vazni 1300 grammga yetishi mumkin, u ancha quvvatga to‘lgan va kuchli bo‘lib qolgan. Siz buni ba’zida uning og‘riqli turtishlaridan ham his etayotgan bo‘lsangiz ajab emas. Qizig‘i, kichkintoy kunduzi kamroq qimirlab, tunda esa “jazava otiga minishi” mumkin. Buning boisi oddiy: onaning harakatlari bolani kunduzi tinchlantiradi, tebratadi. Shuning uchun u aynan kunduzi uxlashni o‘ziga lozim topadi.
Ko‘p bolalar bu vaqtga kelib boshini pastga qaratib to‘g‘ri holatga kelib olishadi. Lekin sizning bolangiz hali holatini o‘zgartirmagan bo‘lsa, halitdan xavotirga tushmang, u hali ag‘darilib olishga ulguradi.
Homiladorlikning 28-haftasida tug‘ilgan bolalar yashashga qobil bo‘lishadi. Garchand buning ehtimoli uncha katta bo‘lmasa-da, lekin bugungi tibbiyot bunday jimitlarni parvarishlashga tobora dadil kirishmoqda.
Qo‘rquvsiz va xavotirsiz
Ko‘pincha bu vaqtda ayollar barvaqt tug‘ib qo‘yishdan va asoratlardan cho‘chimaydigan bo‘lib qolishadi. Yo‘lning katta qismi bosib o‘tilgan, bo‘lg‘usi ona hammasi yaxshilik bilan tugashiga ruhiy jihatdan o‘zini ishontirgan. Qolaversa, dekret ta’tiliga oz qolganligi ham kishining ko‘nglini ko‘taradi.
Psixolog qabuliga yozilib qo‘yish ortiqchalik qilmaydi. U qo‘rquv va xavotirlarni yengib o‘tishga yordam beradi, ehtimol, shunchaki o‘zingizdagi holatning ajoyib qirralarini ko‘rishingizni taklif qilar.
Sog‘lom oziqlanishga ahd qildingizmi? Maqsadingizdan og‘ishmang
Agar shifokor sizda shishlar paydo bo‘lganini ko‘rsa, suyuqlik ichish tartibingizni o‘zgartirishni maslahat beradi. Uni qanday o‘zgartirish kerakligini yakka tartibdagi tavsiyalar asosida hal qilasiz. Mazkur muddatda ham tuzni iste’mol qilish juda kam miqdorga keltirib qo‘yilgan. Marinadlar, konservalangan mahsulotlar, achchiq salatlarni yemaslikka harakat qiling. Agar sog‘lom ovqatlanishga homiladorlikning birinchi haftalaridanoq ahd qilgan bo‘lsangiz, hech qanday taqiq va cheklovlar sizni cho‘chita olmaydi.
Dimlangan sabzavotlar, yangi uzilgan mevalar, sut-qatiq mahsulotlari, mol go‘shti, donli o‘simliklar, mors va ichimlik suvi – sizga hozirda kerak bo‘lgan taomnomaning oddiy komponentlari mana shular bo‘ladi.
Rezus-konflikt tekshiruvi
Agar qoningiz rezusi manfiy bo‘lsa, ehtimolki, sizga antitana uchun tahlil topshirishni tayinlashadi. Bu ona va bolaning rezus-konflikti rivojlanmayotganligini tashxislash uchun kerak.
Endi odatiy bo‘lib qolgan siydik va qon tahlillarini shu haftada ko‘rikdan o‘tkazish arafasida tayinlashadi. UZIni faqat alohida ko‘rsatmalar bo‘yicha o‘tkazishadi.
Vazn hamma narsani o‘zgartiradi
Vazningiz o‘zgardimi, tabiiyki, qaddi-qomatingiz, qadam tashlashingiz ham o‘zgaradi. O‘z o‘lchamingizdagi chiroyli kiyimlarni kiyib yuring, siz va bolangizga ortiqcha noqulaylik tug‘diradigan tor kiyimlarni kiyishga urinmang.
Qorin terisida ortiqcha muammolar yuzaga kelmasligi uchun tilim-tilim atrofik chandiqlarga qarshi yog‘larni surtib turishni unutmang. Hozir tanangizga alohida mehr bilan qilinadigan parvarish juda kerak.