Ikkinchi trimestr yakunlanmoqda – homiladorlikning 26-haftasiga qadam qo‘ydingiz. Bo‘lg‘usi onaning qorni kindikdan 6 sm ga yuqorilashgan, siz endi tom ma’noda o‘zingizni homilador his etasiz. Tasavvur qiling: bachadoningiz hozir kattagina tarvuzdek keladi!
Tug‘ruqqa tayyorgarlik ko‘rishni boshlash va maxsus kurslarga yozilish vaqti keldi. Holatingiz endi hammaga ma’lum, ko‘plar sizga maslahat va savollar beraverishdan charchamaydi. Qorinning shakliga qarab o‘g‘il yoki qiz tug‘ishingizni taxmin qilishadi. Lekin aslida qorinning shaklini ayolning tos suyagi belgilaydi: agar tos ensiz bo‘lsa – homiladorlikning 26-haftasida qorin uchli bo‘ladi.
Homiladorlikning 26-haftasida nimalar yuz beradi?
O‘sib borayotgan qorin nafasingizni siqadi, hansirash yuzaga keladi, doim chuqur nafas olgingiz kelaveradi. Borgan sayin poyabzalingizni o‘zingiz kiyishga qiynalasiz, qadam tashlashingiz o‘zgaradi. Uzoq masofa va baland zinapoyalar haqiqiy muammoga aylanadi.
Bu muddatda vazningizga 9 kg qo‘shilishi mumkin, bu me’yordagi raqam. Bel og‘rig‘i, oyoqlardagi og‘irlik bezovta qilishi mumkin. Ko‘proq dam oling hamda uzoq masofaga sayr qilish, tinkani qurituvchi navbat kutish va boshqalardan o‘zingizni tiying. Hozircha shifokor huzuriga ikki haftada bir qatnayapsiz, lekin agar sizga homiladorlarda bo‘ladigan kamqonlik yoki piyelonefrit tashxisini qo‘yishsa, doktorga tez-tez borishingizga to‘g‘ri keladi.
Maxsus bandajni taqib yuring, tilim-tilim atrofik chandiqlar paydo bo‘lishining oldini oluvchi kremlardan foydalaning. Agar homiladorlikning 26-haftasida “yolg‘on to‘lg‘oqlar” va homilaning haddan ortiq qimirlashini his qilsangiz, xavotirlanmang. Lekin doktorga bu haqda ayting, ayniqsa, bu to‘lg‘oqlar bachadonning gipertonusi bilan birgalikda yuz bersa, aytish kerak.
Homiladorlikning 26-haftasida homilaning ahvoli
Homiladorlikning 26-haftasida homilaning kattaligi 32 sm, og‘irligi esa deyarli 900 grammga teng bo‘ladi. U endi juda faollashgan, siz buni sezib turasiz. Ba’zida kichkintoyning turtkilashlari bir oz og‘riqli bo‘ladi (ayniqsa, agar bolakay jigar yoki qovuqni nishonga oladigan bo‘lsa).
Kichkintoy yog‘ yig‘a boshlagan, uning terisi birmuncha och tusga kirgan. Uning asosiy sezgilari – ta’m bilish va eshitish. Unga muloyim yoqimli musiqa, onasining erkalovchi ovozi, tabiatning ajoyib tovushlari xush yoqadi, shovqin-suron esa kichkintoyni cho‘chitib yuborishi mumkin.
Bolakay qorindayoq onasining yurak urishini, qonning tomirlardagi oqishini eshitgani uchun bu tovushlar unga yoqimli, o‘zinikidek bo‘lib qolgan. Buni unutmang, zero, hali yangi tug‘ilgan kichkintoy qaysarlik qila boshlaganida siz uni shundoqqina bag‘ringizga bosib, ovutishingiz mumkin bo‘ladi. U onasining yuragi urayotganini eshitadi, bu esa uning uchun odatdagi, tanish tovushdir.
O‘zingizni stresslardan ehtiyot qiling
Holatingizda yuz beradigan o‘zgarishlar sizni xafa qilishi, kayfiyatingizni buzishi mumkin. Lekin bu qiyinchiliklar abadiy emas-ku, yaqinda siz boshqa yumush va tashvishlar dunyosiga g‘arq bo‘lasiz. Kayfiyatni buzuvchi bu arzimas narsalarga o‘ralashib qolmang, e’tiboringizni arzigulik boshqa muhimroq narsalarga qarating.
Yaqinlaringizdan sizga madadkor va dastyor bo‘lishlarini iltimos qiling. Tashvishlanish kerak bo‘lmagan narsalarga asabingizni sarflab o‘tirmang. Turli xil stressli holatlardan o‘zingizni ehtiyot qiling, ular sizga hech ham kerak emas.
Ovqatni qismlarga bo‘lib yeng
Ko‘ngil aynishi va jig‘ildon qaynashi bu muddatda tez-tez uchrab turadi. Buning ajablanarli joyi yo‘q: bachadon boshqa organlarni ezadi, ularni siljitadi, hazm qilish tizimi ham “surilib turish”ga majbur bo‘ladi. Bunda sizga qismlarga bo‘lib ovqatlanish yordam beradi. Yaxshisi tez-tez, lekin kam-kamdan yeng. Mushtingiz hajmicha taom yesangiz yetadi.
Uyda tayyorlangan ovqat hozir sizga ko‘proq ma’qul keladi, lekin u ham achchiq, tuzlangan, dudlangan, qovurilgan bo‘lmasin. Shirinlik va xamirli taomlarni ozginadan yesangiz bo‘ladi. Ziravorlarni ko‘p iste’mol qilmagan ma’qul, axir, ichkarida kichkintoy homila atrofidagi suvlarni yutadi, ularda esa ayol tanovul qilgan ovqatning ta’mi bo‘ladi.
Tekshiruvda: vazn va hajm
Qabul vaqtida shifokor sizdan taroziga chiqishingizni so‘raydi, arterial qon bosimingizni, qorin hajmini o‘lchaydi. Ehtimol, qabuldan bir kun avval bo‘lajak ona umumiy qon va umumiy siydik tahlillarini topshirgan bo‘ladi. Shifokor tahlil natijalarini o‘rganib chiqadi, agar ular me’yorda bo‘lmasa, qo‘shimcha tekshiruvlarni tayinlashi mumkin.
Homiladorlikning 26-haftasida UZIni kamdan-kam hollarda tayinlashadi, buning uchun faqat muhim sabab bo‘lishi kerak.
Homiladorlikning 26-haftasidagi sezgilar
Oldingi kiyimlariga ona zo‘rg‘a sig‘adi. Bu muddatda hatto poyabzalning ham ko‘pincha bir o‘lcham kattasini sotib olishga to‘g‘ri keladi. Lekin bu siz endi chiroyli va latofatli bo‘lmay qoldingiz degani emas. Shu holatingizda ham juda go‘zalsiz: qopdek ko‘ylak yoki noqulay tor shim emas, balki bo‘lg‘usi onalar uchun mo‘ljallangan maxsus kiyim sizni go‘zallashtirib yuboradi.