Homilador bo‘lishni rejalashtirar ekan, har bir bo‘lg‘usi ona homiladorlikning akusherlik va embrional muddati o‘rtasidagi farq to‘g‘risida, ayol organizmining urug‘lanishga tayyorlanishi haqida oldindan bilib qo‘ysa hamda bolani qorinda ko‘tarib yurish vaqtida nimalardan voz kechish, nimalardan ehtiyot bo‘lish va o‘zining hamda tug‘ilajak farzandining salomatligini qanday qilib mustahkamlash kerakligini yaxshilab bilib olsa yomon bo‘lmaydi.
Homiladorlikning 1-haftasi deganda nimani tushunish kerak?
Akusherlik sohasida homiladorlikning muddatini oxirgi hayz ko‘rilgan kundan boshlab hisoblash odat tusiga kirgan. Ovulyatsiya boshlangan aniq kunni, tegishli ravishda, homilador bo‘lganlik sanasini aniqlash o‘ta mushkul bo‘lganligi sababli shunday hisoblash turi qabul qilingan. Agar homiladorlik muddati “akusherlik” uslubiga tayangan holda hisoblanadigan bo‘lsa, birinchi haftada hali hech qanday homilaning mavjud bo‘lishi mumkin emas, shunday ekan, birinchi haftaning ichida homiladorlikni aniqlab bo‘lmaydi.
Aslida ayol kishida ovulyatsiya siklning 12-14-kunlarida boshlanishi kerak: yetilib turgan tuxumhujayra urug‘lanishga tayyorlangan holda follikuladan chiqadi. Lekin amalda barchasi biroz boshqacharoq yuz berishi mumkin. Ovulyatsiya har bir ayol kishi organizmining o‘ziga xos xususiyatlaridan va siklning davomiyligidan kelib chiqib, siklning 7-8-kunlarida ham, 20-21-kunlarida ham sodir bo‘lishi mumkin. Shu tariqa, homiladorlikning birinchi haftasi butun qirq haftalik muddatning ichida eng sir-sinoatli va hatto yolg‘ondakam sezgilarga boy davr hisoblanadi, chunki uni akusher-ginekologlar faqatgina nazariy jihatdan hisob-kitob qiladilar.
Homiladorlikning birinchi haftasida nimalar yuz beradi
Taajjublanarli, lekin urug‘lanish jarayoniga tayyorgarlik va homiladorlikning kelgusi rivojlanishi tuxumhujayraning shakllanish bosqichidayoq boshlanadi: ayolning gormonal holati, uning asab tizimi o‘zgarishi va boshqa ko‘p narsalar – bularning barchasi har oyda har bir sikl davomida sodir bo‘lib boraveradi.
Homiladorlik boshlanishining birinchi haftasi turlicha hisoblanishi hech kimga sir emas. Bu narsa homiladorlikni “hisoblash nuqtasi” sifatida nimadan kelib chiqilishiga bog‘liq. Agar akusherlik muddatlaridan kelib chiqib hisoblanadigan bo‘lsa, birinchi hafta oxirgi hayz ko‘rilgan kundan boshlanadi, “haqiqatdagisi” (UZIga natijalariga ko‘ra aynan uni sizga aytishligi mumkin) bo‘yida bo‘lgan kundan boshlab hisoblanadi.
1-haftadagi homiladorlikning belgilari
Aslida, “akusherlik” homiladorligining dastlabki ikki haftasi sirli tarzda o‘tadi. Bunda hatto bo‘lg‘usi onaning o‘zi ham uning tuxumhujayrasi urug‘lanishini bilmaydi. Ana shuning uchun ham homiladorlik belgilari albatta mavjud bo‘lmaydi. Homiladorlikning birinchi haftasida ko‘ngil aynish yoki sut bezlarining bo‘rtib qolishi, tabiiyki, sezilmaydi.
Birinchi hafta juda muhim, hatto hal qiluvchi palla hisoblanadi. Ko‘pincha homilaning kelgusidagi rivoji, hatto embrionning bachadonda mustahkam qaror topishi aynan shu pallaga bog‘liq.
Ertalabki ko‘ngil aynib behuzur bo‘lish, ovqat hidi yoki kechagina o‘ziga xush yoqqan atir-upa hidining badbo‘y bo‘lib tuyulishi haqida gapirishga hali erta. Lekin homiladorlikning birinchi haftasida turli ajralmalar chiqishi mumkin, bundan xavotirga tushmaslik kerak – bu xavfli emas va tabiiy holdir. Homiladorlikning birinchi haftasida ayolning qonidagi OXG darajasi unchalik katta bo‘lmaydi. Siz biror-bir o‘zgarishlarni umuman sezmasligingiz ham mumkin. Bu ham tabiiy holat.
Homiladorlik testi, albatta, salbiy natijani ko‘rsatadi. Agar siz soppa-sog‘ bo‘lsangiz va gormonlar bilan muammoingiz bo‘lmasa, natija aynan shunday chiqishi tabiiy. Rangi oqish, zo‘rg‘a ko‘rinadigan ikkinchi chiziq unda 10-12 kunlardan keyingina yuzaga chiqadi.
Homiladorlikning 1-haftasidagi sezgilar
Birinchi akusherlik haftasida homiladorlikning mavjudligi ayol uchun sirli bo‘lib qoladi. U o‘zining tuxumhujayrasi urug‘langanligini hatto taxmin ham qilmasligi mumkin. Bo‘lg‘usi onaning organizmi noodatiy holatni oldindan sezgan kabi yangi yumushlarga moslashishga dastlabki urinishlarni ko‘ra boshlaydi.
Homiladorlikning 1-haftasida nimalar qilish kerak
Agar ayol, unda ona bo‘lish istagi haqiqatdan ham mustahkam bo‘lsa, u holda bo‘lg‘usi homilani uzoq davr mobaynida ko‘tarib yurishga ruhan tayyorlanishi kerak. Ertaga ona bo‘laman degan ayol yangi hayotni o‘z tanasida “kutib olish”ga tayyor bo‘lishi, ushbu fikrni anglab yetishi, mas’uliyatni his etishi lozim bo‘ladi. Zero, hozircha hech kim bilmay turgan narsa yaqin orada ota-ona uchun katta saodatga aylanishi mumkin-da.
Bo‘lajak ona uchun foydali maslahat va tavsiyalar:
Ayolning ichida yangi hayotning paydo bo‘lishi kutilib turibdi, va uning sog‘lig‘ini saqlash bo‘yicha mazkur davrda ko‘rilaytogan choralar har qachongidan ham muhimroq hisoblanadi. Shuning uchun ayni vaqtda homiladorlikning birinchi haftasida nimalar mumkin emasligini yaxshilab bilib olish lozim. Agar siz ushbu davrdan g‘aflatda qolgan bo‘lsangiz, ishni hozirdanoq boshlayvering – bu narsa bolajoningizning kelgusida yaxshi rivojlanishiga o‘z ta’sirini albatta ko‘rsatadi.
- Eng muhim taqiq shuki, ayolning organizmiga turli xil zaharlar tushishining oldini olish kerak. Ya’ni homiladorlikning birinchi haftalarida tamaki va alkogoldan tamoman voz keching.
- Muayyan sabablarga ko‘ra ayol qabul qilishga majbur bo‘lgan dori-darmonlarga shifokorning ruxsatini olish kerak. Ko‘pgina dorilar ayol organizmida qaytarib bo‘lmas jarayonlarni yuzaga keltirishi mumkinligini hamma biladi. Shuning uchun dori-darmonlarni shifokor ruxsatisiz qabul qilmaslik kerak.
- Qorin bo‘shlig‘idagi organlarni rentgen nurlanishlaridan saqlash kerak. Bunday tadqiqotlar faqatgina o‘ta zarur bo‘lgan hollarda o‘tkaziladi!
- Stressli vaziyatlar bo‘lg‘usi onaning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuning uchun yuzaga keladigan barcha muammolarni ohistalik yo‘li bilan hal etishga harakat qilish lozim. Yaqinlaringiz bilan munozaraga bormang, hamkasabalar bilan janjallashmang! Uyda eringiz bilan romantik shinam muhitni yaratish ancha maqbul bo‘ladi, zero jinsiy aloqa homiladorlikning birinchi haftalarida sizga nafaqat o‘zni bo‘sh tutishda yordam beradi, balki eringiz bilan intim munosabatlaringizni mustahkamlaydi.
- Bemor odamlar bilan aloqada bo‘lishdan iloji boricha qochish kerak. Sovuq kunda iliq kiyinib, o‘zni shamollashdan va isitmani ko‘taradigan har xil kasalliklardan ehtiyot qilish homiladorlikning birinchi haftasida o‘ta muhimdir. Bunda ko‘klarga ko‘tarib maqtaladigan sarimsoq va piyoz yordamga keladi – bular homiladorlikning birinchi haftalarida shamollashning oldini oladigan eng yaxshi vositalar.
- Immunitetni oshirish va organizmni tanqis mikroelementlar bilan boyitish uchun homiladorlikning birinchi haftalarida vitaminlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Lekin to‘laqonli to‘g‘ri ovqatlanishni ham unutmaslik kerak, bu juda muhim eslatma. Ratsioningizda albatta sabzavot, mevalar, boshoqli o‘simliklar va sut mahsulotlari bo‘lishi shart. Ayniqsa mahsulotlar tarkibida foliy kislotasi borligiga e’tibor qarating – u tug‘ma nuqsonlarning oldini olishda va homilaning bir me’yorda rivojlanishiga yordam beradi.
Uzoq kutilgan mo’jiza!
Rejalashtirilgan homiladorlik doimo quvonch keltiradi! Yaqin vaqt oralig‘ida homilador bo‘laman degan hissiyot eng yaxshi va umidbaxsh o‘y-fikrlar haqida xayol surishga majbur qiladigan ajoyib iliq va nozik tuyg‘udir. Mayli, hali homiladorlikning dastlabki belgi-alomatlari bo‘lmasin, mayli, hali homiladorlikning birinchi haftasidagi ertalabki toksikoz sodir bo‘lmasin, lekin bu pallada ayol kishi organizmining har bir hujayrasi avlod qoldirish uchun ruhan tayyordir.
Baxt, murg‘ak jonzot va saodatmand oila qurish albatta ushaladigan orzulardir. Homiladorlik testida ko‘rinish bergan ikkinchi chiziqcha – yangi hayotning tug‘ilishi sari ilk qadam!