Homiladorlikning 23-haftasi – juda ajoyib kechadigan ikkinchi trimestr davom etmoqda. Ko‘pgina ayollar sochlarining har qachongidan quyuqlashganini, terilarining esa yaltirayotganini qayd etadilar. Bunda garmonlarga «rahmat» deyish kerak, ko‘rib turganingizdek, ular o‘zlarini faqatgina toksikozda namoyon etmaydilar.
Yeyayotgan narsangizga e’tiborli bo‘ling. Qabziyat va jig‘ildon qaynashini keltirib chiqaradigan ovqatlar hozir sizga taqiqlanadi. Oyoqlaringizda og‘irlik sezilishi mumkin. Ortiqcha toliqishga yo‘l qo‘ymang hamda qulay poyabzalda yuring.
Homiladorlikning 23-haftasida nimalar yuz beradi
Odatda ko‘pchilik ayollar hozir o‘zlarini yaxshi his etadilar. Biroq shunga qaramasdan ba’zi noqulayliklar paydo bo‘lishi ham mumkin. Ayrim hollarda dumg‘aza va tos-qov suyaklari atrofida og‘riqlar payldo bo‘lishi mumkin, agar ular kuchli bo‘lmasa, xavotirli joyi yo‘q. Lekin agar og‘riqlar sizga aziyat berayotgan bo‘lsa, albatta shifokorga uchrashish kerak bo‘ladi.
Oyoqdagi og‘irlik paylarning cho‘zilishi bilan bog‘liq. Ortopedik patakli poyabzal tanlang, oyoqlaringizga dam berib turing, uzoq sayr qilmang hamda ko‘p vaqt oyoqda turmang.
Ba’zi ayollar uchun homiladorlikning 23-haftasi – varikozning boshlanish pallasi hisoblanadi. Bunga sabab – bo‘shashgan tomir devorlari. Varikozni vaqtida aniqlab, uning ehtimoliy asoratlarini imkon boricha kamaytirish kerak.
Homiladorlikning 23-haftasida homilaning ahvoli
Mazkur muddatda ko‘p onalar kichkintoyning nafaqat qimirlashini his etadilar, balki undan ko‘prog‘ini aniq-tiniq sezadilar, masalan, bola kaftini yoki tovonini aynan bilib turadilar. Ba’zida homiladorlikning 23-haftasidagi qimirlashlar shunchalik kuchayishi mumkinki, ular hatto bo‘lg‘usi ona uchun ayrim noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Bolajon vazni endi 450 g, uning bo‘yi esa 20 sm ga yetishi mumkin.
Homiladorlikning 23-haftasida homilaning rivojlanishi bir maromda davom etadi, bolakay o‘sadi, uning og‘irligi oshadi, his etish organlari rivojlanadi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, qorin ichida 23 haftalik bo‘lgan bola hatto tushlar ko‘rishi mumkin! Tashqi jihatdan ham kichkintoy o‘sgan: uning harakatlari yanada tiniqlashgan, u atrofidagi olamga qiziqa boshlagan – kindikni tortqilaydi, o‘zini paypaslab ko‘radi.
Bolakay hozircha juda oriq, qariyaga o‘xshaydi. Ko‘zlari ochilgan, yorug‘lik va qorong‘ilikni farqlay oladi. Kichkintoy keskin tovushlardan, shovqin-surondan cho‘chiydi, unga sizning yoqimli ovozingiz va allalaringiz yoqadi.
«Yangi» tana: ko‘nikib boramiz va xursand bo‘lamiz
Siz o‘z tanangizdagi o‘zgarishlarni sezasiz: ba’zi onalar bundan bag‘oyat xursand bo‘ladilar, ayrimlar yangicha tashqi ko‘rinishiga hozircha ko‘nika olmaydi, ba’zilar uchun homiladorlikning 23-haftasida qorinning kattalashuvi alohida ahamiyatga ega bo‘ladi. Shuning uchun yuqoridagi ayollarning birinchilarida, aksariyat holda, o‘zlariga ishonchlari baland bo‘ladi, ulardan yorug‘lik va nafosat ufurib turadi. Ikkinchi toifadagi onalar esa o‘zining yangicha ko‘rinishidan, o‘zgarib qolgan qadam tashlashlaridan uyalgandek bo‘ladi. Bugungi kunda amalda hamma onalar ruhshunosga borib, o‘zlarida yuzaga kelgan o‘ng‘aysizliklarni bartaraf etishlari mumkin.
O‘zingizni bolasini hoziroq himoya qilishga shaylangan onalardek tuting. Demoqchimizki, har qanday asabiylikka, bema’ni o‘y-fikrga va asossiz xavotirlanishlarga yo‘l bermang.
Foydali oziqni tanlang
Qabziyat, jig‘ildon qaynashi, bavosil – mazkur muddatda bularning hammasi uchrashi mumkin. Nazariy jihatdan mana shu kam yoqimli holatga olib kelishi mumkin bo‘lgan taomlarning hech birini tanovul qilmang. Qovurilgan, achchiq, dudlangan, shirinliklar: bularning barchasidan umuman voz kechishga harakat qiling. Ortiqcha vazn yig‘ish foydasiz ekanligini unutmang: homiladorlikning 23-haftasida 6.5 kg gacha og‘irlashish me’yor hisoblanadi. Ortiqcha vazn ba’zi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin, bunda homiladorlikning o‘zi ham og‘irroq kechishi mumkin.
Boshoqli o‘simliklar, kepakli non, mol go‘shti, qaynatilgan baliqdan esa yaxshisi voz kechmagan ma’qul. Juda shirin ichimliklarni ichmang, fastfuddan bosh torting.
Homiladorlikning 23-haftasida UZIdan o‘tish
Umumiy qon tahlili va umumiy siydik tahlili – bular mazkur muddatda ko‘pincha o‘tkaziladigan tekshiruvlar hisoblanadi. Lekin siz agar ikkinchi UZIdan o‘tmagan bo‘lsangiz, ushbu muddatda undan albatta o‘tasiz.
Mazkur UZIda yo‘ldosh, homila atrofidagi suvlar holatiga baho beriladi, homila rivojlanishida nuqsonlarning bor/yo‘qligi o‘rganib chiqiladi.
Homiladorlikning 23-haftasidagi sezgilar
Mazkur muddatda bo‘lg‘usi onaning terisi ultrabinafsha nurlarga o‘ta ta’sirchan bo‘ladi, shu tufayli har qanday oftobda qorayish kuchli pigmentatsiyaga olib kelishi mumkin. Ehtimol, emchagingiz qorayib qolgan, qorinning pastki qismidagi chiziqcha yanada to‘q rangga kirgan. Bularning hammasi me’yordagi o‘zgarishlardir.
Ayol soch va tirnoqlari qanchalik tez sur’atlarda o‘sayotganini sezishi mumkin. Gormonlar sizga go‘zal soch tarami va manikyurni hadya qilgani rost. Qulay kiyim va payabzaldagina yuring, ajoyib holatingizni go‘zal narsalar bilan yanada bezating.