Homiladorlikda qorin shishishi

Qorinning shishishi – deyarli barcha homilador ayollar duch keladigan muammo. Bu hol sog‘lom odam organizmida yuz beradigan tabiiy jarayondir. Shuning uchun, ayniqsa homilador ayollarga, dori-darmonlarni qabul qilish faqat istisno hollarda tayinlanadi.

Homiladorlikning I trimestrida qorin shishishining asosiy sabablari:

  • Ayolning organizmida progesteronning miqdori oshadi. Ichki organlar mushaklarining tonusi pasayadi, bu esa oshqozon-ichak traktining ishini qiyinlashtiradi va natijada qabziyat, qorinda og‘irlik va uning shishishi yuz beradi.
  • Qorinni ezib turadigan tor kiyim kiyganda.
  • Qorinni shishiradigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilganda, masalan, dukkakli o‘simliklar, olma, karam, sarsabil, qora non.
  • Kuchli stress holati, xavotirlanish va boshqa sabablar.

Homiladorlarda qorinning dam bo‘lishi (meteorizm) odatda qorinda og‘irlik tarzida namoyon bo‘ladi, kekirik, qorinda qappayish, ko‘ngil aynishi va bosh aylanishi paydo bo‘lishi mumkin. Qorinning pastki qismida to‘lg‘oqsimon og‘riq paydo bo‘lishi ehtimoli bor, uni ba’zida to‘lg‘oq bilan adashtirib ham yuborishadi. E’tiborli bo‘lish lozim. Agar sizda yuqorida qayd etilgan alomatlarning hammasi paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.

Aytib o‘tilgan alomatlar deb ayol noqulaylik his etadi, uyqusizlik, yurakda og‘riq va kuchli toliqish yuzaga kelishi mumkin. Bularning barchasi nafaqat onaga, balki bo‘lajak bolaga ham ziyon yetkazishi mumkin.

Homiladorlikda qorin shishishi

Qorin shishishiga qanday qilib yo‘l qo‘ymaslik mumkin:

  • ko‘proq harakat qilish, piyoda yurib turish kerak, homilador ayollarga ruxsat etilgan jismoniy mashqlarni bajarish mumkin;
  • tez-tez ammo kam-kamdan yeyish, hamda ovqatni mayda chaynab yeyish kerak;
  • qorinni siqib turmaydigan qulay va kengroq kiyim kiyish lozim;
  • gazlangan ichimliklar va kofeni iste’mol qilmaslik kerak;
  • taomnomadan qorinni shishiradigan mahsulotlarni (yong‘oq, nok, dukkaklilar, karam va boshqalar) chiqarib tashlash tavsiya qilinadi.

Agar sizda o‘ta kuchli qorin dam bo‘lishi kuzatilayotgan bo‘lsa, bu hissiyot to‘liq yo‘q bo‘lib ketmagunga qadar yuqorida keltirilgan qoidalarga uzoq vaqt rioya etishingiz lozim. Shu bilan birga qorin shishishi sababini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish kerak. Agar parhez qilib ham yoqimsiz sezgilardan xalos bo‘la olmasangiz, shifokor ichakdagi dam bo‘lish holatidan qutilishga yordam beradigan dori-darmon tayinlaydi.

Homilador ayol meteorizm va noqulayliklarga duchor bo‘lmasligi uchun to‘g‘ri ovqatlanishi va faol hayot tarziga ega bo‘lishi kerak. Homiladorlar o‘z salomatliklari xususida e’tiborli bo‘lishlari lozim, zero, bo‘lg‘usi chaqaloqning sog‘lig‘i ham shunga bog‘liqdir. Shifokorga o‘z vaqtida murojaat etilishi qorin shishishining salbiy oqibatlarini chetlab o‘tishga yordam beradi.