Ayollar uchun homiladorlik haqida sayt

Suvda eruvchan B9 (foliy kislotasi) – “yosh” vitaminlardan hisoblanadi. Uning kimyoviy xossalari nisbatan yaqinda – o‘tgan asrning boshlarida kashf qilindi. Foliy kislotasining organizm uchun nihoyatda ahamiyatli ekanligiga esa shubha yo‘qdir.

Homiladorlikda foliy kislotasi – ham embrion, ham ona uchun eng talabgir mikroelement hisoblanadi, sababi u hujayralar, shu jumladan DNK hujayralarining bo‘linish jarayonida nihoyatda faol tarzda ishtirok etadi, ya’ni nasl qoldirish uchun birinchi darajali moddalardan biri desa ham bo‘ladi.

Foliy kislotasi nimasi bilan foydali

Maqolamizda so‘z homiladorlar haqida ketayotgan bo‘lsa-da, keling, asosiy mavzudan biroz chetga chiqaylik-da, endi bir umumlashtiraylik: mazkur mikroelementning, ya’ni foliy kislotasining tanqisligi istalgan yoshdagi har qanday insonga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatadi. Dastlabki pallada B9 vitaminining yetishmasligini kishi sezmasligi ham mumkin: odam yashab yuribdimi, demak hayot bir maromda davom etmoqda, deymiz. Aslida shundaymikin?… Lekin bu xavfli tanqislikdir, u sababli moddalar almashinuvi jarayonlari jabrlanadi.

Inson, ayniqsa homilador va emizikli ayollar hamda chaqaloqlar uchun foliy kislotasi nima bilan foydali ekanligini tushunish uchun ushbu vitaminga kuchli ehtiyoj sezayotgan organizmning reaksiyasini kuzatib ko‘rishning o‘zi kifoya. Bunday odamda ishtaha yo‘qoladi, tez-tez charchash va asabiylashish hollari yuz beradi, bular B9 vitamini tanqisligining birinchi alomatlaridir.

Foliy kislotasi homiladorlik rejalashtirilayotgan pallada, sizning zaxirangizda hali bir necha oy bor bo‘lganida qabul qilina boshlansa ayni muddao bo‘ladi. Shunda vitamin o‘zining bor foydali kuchini to‘liq ko‘rsatadi, oqibatda na siz, na qorindagi bo‘lg‘usi bolangiz bu vitaminga nisbatan tanqislikni sezmaysizlar, vaholanki, uning kelgusidagi o‘sib-ulg‘ayishi va hayotiy faoliyati ko‘p jihatdan aynan foliy kislotasining bor-yo‘qligiga bog‘liq bo‘ladi.

Deerma DEM-F628S havo namlagichi

mahsulotlari arzon narxlarda

Kafolat 12 oy

255,000 so'mdan boshlab

Batafsil

Foliy kislotasini nima uchun qabul qilish kerak

Foliy kislotasi – bo‘lg‘usi bolakayning eng muhim hayotiy organlari shakllanishi va rivojlanishining sifati uchun to‘liq javob beradigan eng muhim mikroelement hisoblanadi.

Yo‘ldoshning mustahkamligi unga bog‘liq. Yuqorida qayd etib o‘tilgan hujayralarning bo‘linishi, qon yaratilishi (trombotsitlar, leykotsitlar, eritrotsitlar) – uning vazifasiga kiradi va asosiysi – homilaning asab naychasi shakllanishida juda katta rol o‘ynaydi.

Bu vitamin shunchalik hayotiy zarurki, foliy kislotasini nima uchun qabul qilish kerak, degan savol o‘z-o‘zidan chippakka chiqadi.

Foliy kislotasi qachon qabul qilinadi

Foliy kislotasini qabul qilishni to‘xtatmaslik maqsadga muvofiq bo‘ladi, hech bo‘lmasa tarkibida foliy kislotasi mavjud bo‘lgan oziq ovqatlarni iste’mol qilib turish kerak (xurmo, ko‘katlar, sitrus mevalari, qovun, yirik tortilgan undan tayyorlangan pishiriqlar, yashil no‘xat, bryussel karami va h.k.). Gap shundaki, foliy kislotasiga yuqori miqdorda ehtiyoj sezgan homilador ayol organizmi uchun faqatgina mahsulotlarda bor bo‘lgan foliy kislotasining miqdori yetarlicha bo‘lmasligi mumkin.

Tanqislikning oldini olish uchun foliy kislotasini qachon qabul qilishning aniq jadvalini tuzib chiqishning hojati yo‘q. Uni qabul qilish kerak, vassalom: tug‘ish yoshidagi barcha ayollar, bola ko‘rishni rejalashtirayotgan ayollar, homiladorlar (ularning butun homiladorlik davrida) qabul qilishlari kerak, lekin hujayralarning bo‘linish faolligi yuqori bo‘lgan payt – dastlabki 12 hafta davomida qabul qilingani eng maqbul hisoblanadi.

Foliy kislotasi qay tartibda to‘g‘ri qabul qilinadi

Zamonaviy tibbiyot xodimlari homiladorlikda foliy kislotasini qabul qilish zarur degan hulosaga kelganlar, hattoki sun’iy yo‘l bilan tayyorlangan polivitaminlar kompleksiga ashaddiy qarshi chiquvchilar ham bunga qo‘shiladilar.

Xo‘p, foliy kislotasini qanday qilib to‘g‘ri qabul qilish kerak: asl holidami, mahsulot ko‘rinishidami yoki tabletkadami?

Ehtimol har ikkala usulni qo‘llayotgan va bir-biri bilan to‘ldirib borayotganlar to‘g‘ri ish qilishayotgan bo‘ladi. Foliy kislotasini faqat oziq-ovqat mahsulotlaridan olaman degan odam yanglishib qolishi mumkin, sababi uning oziqdagi miqdori kamdir, shuning uchun qo‘shimcha tarzda 100–200 mkg farmatsevtik preparat ko‘rinishida qabul qilinsa, uning foyda va samarasi ko‘proq bo‘ladi.

Homiladorlik rejalashtirilgan vaqtdan olti oy oldin, homiladorlik davrida va ko‘krak bilan emizish davrining tugashiga qadar foliy kislotasi sutkalik o‘rtacha miqdori 400 mkg ni tashkil etadi. Shuning uchun davolovchi shifokoringiz kuniga 5–8 tabletkadan polivitamin ichishingizni tayinlasa, bundan hayron bo‘lmang, bu me’yordagi mo‘ljaldir.

E vitamini nima uchun qabul qilinadi

Homiladorlik vaqtida foliy kislotasi bilan birga E vitamini ham qabul qilinsa, nur ustiga nur bo‘ladi. Uni hatto oldinroq – homiladorlikka tayyorgarlik ko‘rish jarayonida ichsangiz bo‘ladi. Aslida undan ham oldinroq – o‘z sohasini yaxshi biladigan va ko‘p yillik ish tajribasiga ega ginekologlar uni hayz ko‘rish sikli buzilgan 21 yoshgacha bo‘lgan qizlarga gormonal preparatlarning o‘rnini bosuvchi dori sifatida yozib berishadi. Bunday davolanishning samarasi ancha sezilarli bo‘ladi.

Homiladorlik vaqtida E vitaminini nima uchun qabul qilish kerakligini izohlashga esa hojat bo‘lmasa kerak: xususiyatiga ko‘ra u progesteronga o‘xshab ketadi hamda butun homiladorlik davrida yo‘ldoshga “g‘amxo‘rlik” ko‘rsatib turadi, uning saqlanishini ta’minlaydi, holatini va normal faoliyatini yaxshilaydi va barqarorlashtiradi. E vitamini yo‘ldoshning barvaqt ko‘chishidan va homila uchun xavfli bo‘lgan tabiiy qobiqning boshqa buzilishlaridan saqlay oladi.

E vitamini qachon qabul qilinadi

Mutaxassislar homilador bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rilayotganda E vitaminini qabul qilishdan cho‘chimaslikni maslahat beradilar. Bu vitamin aynan bola ko‘paytirish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan vosita sifatida e’tirof etiladi.

E vitaminini qachon qabul qilishni, albatta, o‘zingiz shifokoringiz bilan maslahatlashgan holda hal qilasiz. Uni juftingiz bilan yoki bir o‘zingiz qabul qilasizmi, bu ham sizning ixtiyoringizda. E vitamini ayollarning ham, erkaklarning ham jinsiy a’zolari faoliyatini yaxshilashini unutmang. Qolaversa, gormonlarning buzilgan muvozanatini ham tiklaydi.

Homiladorlikda E vitamini qanchadan ichiladi

Agar bo‘lg‘usi ona homiladorlikka tayyorgarlik jarayonidayoq mazkur vitaminni qabul qilishga ulgurgan bo‘lsa juda yaxshi. U kapsulalar miqdorini va homiladorlikda E vitaminini qanchadan ichishni biladi – ya’ni shifokor bilan maslahatlashgandan keyin avval ichayotgan miqdoriga yana ozgina qo‘shadi xolos. Lekin agar organizmda E vitamini tanqisligi bo‘lmasa, me’yorni avvalgidek qoldiraveradi. Odatda shifokorlar homiladorlarga E vitaminini sutkasiga 300 mg dan ichishni tayinlashadi. Bu odatiy me’yordan bir oz ko‘pdir.

Eng muhimi – vitamin miqdorini oshirib yubormaslik kerak. Chunki tokoferol (ya’ni E vitamini) yog‘da eruvchi vitaminlar qatoriga kiradi. Bu degani u yog‘li to‘qimalarda to‘planib qolishi mumkin. Qabul qilish dozasini puxta nazorat qilish kerak.

E vitamini qanday qabul qilinadi

Agar sintetik E vitamini organizmga ovqat bilan birga tushsa fiziologik jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun uni qabul qilish nonushta, tushlik va kechki ovqat vaqtiga to‘g‘ri kelishi kerak.

E vitaminini qabul qilishning yana bir jihati: u yog‘lar bilan yaxshi o‘zlashtiriladi. O‘simlik yog‘i solingan yengil salatlar bu o‘rinda yordamchi vosita sifatida ham rol o‘ynaydi.

E vitaminini homiladorlik vaqtida qanday, nima bilan va qachon qabul qilish kerakligini yaxshilab o‘rganib chiqish muhim ahamiyatga ega. Tarkibida temir moddasi bo‘lgan mahsulotlar va polivitaminlar bilan E vitaminini mutlaqo qo‘shib ichib bo‘lmaydi. Gipervitaminozning oldini olish uchun esa uni qisqa tanaffuslar bilan 10 ta kundalik kurs bilan qabul qilish lozim.

Shunchaki, o‘ta e’tiborli bo‘lishingiz talab qilinadi. Har holda vitaminlar ham dori-da.