Homilador ayol

Homiladorlikning ilk kunlaridanoq bo‘lg‘usi ona sabrsizlik bilan o‘z qorniga razm sola boshlaydi. Kattalashayotgan bachadonning zohiriy belgilari faqat ikki oy o‘tgandan so‘ng sezilsa-da, homiladorlikning butun 40 haftasi mobaynida qorin sizning jiddiy e’tiboringiz mavzusi bo‘ladi: sizni nafaqat sezilarli og‘riqlar, balki turli xil “sanchiqlar” va “tortishishlar”ning butun gammasi tashvishga soladi. Homilador qorinda nimalar sodir bo‘layotganligini tushunib olishga harakat qilamiz.

Homilador bo‘lmagan ayol qorin bo‘shlig‘ining aksar qismini ichak egallaydi; ushbu anatomik tuzilma homiladorlikka ham bee’tibor qolmaydi. Bolani ko‘tarib yurish vaqtida me’da shirasi va uning kislota miqdori ajralishi kamayadi. Oshqozon-ichak yo‘lining barcha bo‘limlari bachadon muskulaturasi kabi bo‘shashgan holatda bo‘ladi. Gap shundaki, ichak devorlari bachadon devorlari singari mushak to‘qimalaridan iborat, shuning uchun homiladorlik gormonlari ichak va bachadonga bir xilda ta’sir ko‘rsatadi. Bundan tashqari, homiladorlik muddatining ortishi bilan o‘sib borayotgan bachadon ichak halqasini yuqoriga siljitadi. Ushbu barcha o‘zgarishlar qabziyatga olib kelishi mumkin; bu holat natijasida qorin sohasida noqulaylik yuzaga keladi, uning turli bo‘limlarida o‘qtin-o‘qtin sanchiqlar vujudga keladi, ayolni meteorizm (qorin dam bo‘lishi) bezovta qiladi.

Homiladorlikning oxirgi trimestrida homilador bachadon siljitgan o‘t pufagi o‘z holatini o‘zgartirganligi sababli undan safro oqib chiqishi buziladi. Homiladorlik gormonlari ta’siri ostida safro ko‘p hosil bo‘lishi ham vaziyatni murakkablashtiradi. Bu ko‘pincha o‘ng qovurg‘a ostida og‘irlik hissiga olib keladi. Meteorizm va qovurg‘a ostida og‘irlikning oldini olish uchun to‘g‘ri ovqatlanish muhim: ratsionga kletchatka tarkibli yetarli miqdorda meva va sabzavotlar, kepakli undan tayyorlangan non, quruq mevalarni kiritgan holda tez-tez va kam-kamdan yeyish kerak. Agar o‘zingiz bu muammoni hal qila olmasangiz, shifokorga murojaat eting.

Homiladorlikning eng boshida qorinning pastida, yonboshlar bo‘yicha – o‘ngda va chapda tortishish hislari paydo bo‘lishi mumkin. Agar homiladorlikkacha hayzdan oldin hayzoldi sindromi u yoki bu ma’noda sizga xos bo‘lgan bo‘lsa, u holda, ehtimolki, qorinning pasti qappayishi va shu yerda og‘irlik hissi bilan tanishsiz. Ayrim ayollar shunday deydilar: “Yaqinda menda hayz boshlanishini sezayapman”. Shunga o‘xshash alomatlar homiladorlikning birinchi oyida ham hamroh bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi homiladorlik keltirib chiqargan fiziologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

Homiladorlik vaqtida ishlab chiqariladigan relaksin biologik faol modda ta’siri ostida paylar, shu jumladan, bachadonni tutib turadigan paylar yumshaydi. Bachadonning tanasi va bachadon tanasi va bo‘ynini birlashtiruvchi bo‘yin oldi ham birmuncha yumshaydi, bu qorin bo‘shlig‘ida organlarning o‘zaro joylashuvi o‘zgarishiga olib keladi. Bu hodisalar alomatlarini ayolning o‘zi ham sezadi.

Homiladorlikning istalgan muddatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bola tushishi xavfida seziladigan og‘riqli hislar (ularning sababi – bachadonning muddatidan oldin patalogik zo‘riqishi) ushbu tabiiy fiziologik belgilardan tubdan farq qiladi. Agar siz qorinning pastida bachadonning zo‘riqishi, jinsiy yo‘llardan qonli ajralmalar kelishi bilan birga kechadigan aniq va uzoq davom etadigan yoki to‘lg‘oqsimon og‘riqlarni sezgan bo‘lsangiz, darhol o‘ringa yotib, shifokorni chaqirish zarur.

Bo‘lajak ona o‘zini noqulay his qilishiga homilaning qimirlashlari ham sabab bo‘lishi mumkin. 9 haftalik muddat atrofida jimitning harakatlari paydo bo‘lsa-da, ayol homiladorlikning birinchi yarmi mobaynida uning harakatlarini his qilmaydi. Gap shundaki, onasining qornini turtish uchun bu vaqtda hali homila yetarli darajada katta emas. Odatda, birinchi homiladorlik paytida ona jimitni 18–20 haftada his qila boshlaydi, takroriy homiladorliklarda esa 16–18 hafta sezadi. Lekin bu muddatlar ayolning individual sezuvchanligi va gavda tuzilishiga bog‘liq holda o‘rtacha statistik muddatlardan farq qilishi ham mumkin. Demak, ozg‘in homiladorlar qimirlashlarni oldinroq, to‘laroqlar esa kechroq his etishadi. Jimitning qorin ichida harakatlanib yurishini har kim har xil aniqlaydi. Kimdir qornida “kapalak uchayotganligini” aytadi, yana kimdir “baliq shapillatyapti” deydi, boshqalarda esa shunchaki qulqullaydi. Homilaning o‘sishi bilan qimirlash tobora faollashadi va tez orada shundoq ham kattalashib borayotgan qorin ustida kaftu tovonchalarni ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Qimirlashlarning eng faol davri 32–35 haftaga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda jimit endi katta, biroq qo‘lchalari va oyoqchalari faol harakat qilishga, ba’zan esa o‘mbaloq oshishga ham joy butunlay yetarli. Shunday ekan, siz jigar yoki oshqozoningizdan “tepki yeyish” imkoniyatiga egasiz. Agar ilk qimirlashlar faqat ijobiy hissiyotni chaqirgan bo‘lsa, intensiv va ba’zan og‘riqli hislar uchinchi trimestrning boshi hamda o‘rtasida bo‘lajak onani achchiqlantirishi mumkin. Modomiki, kichkintoyning harakatlari ko‘pincha siz uyquga yotishga tayyorlanayotgan kechki soatlarda faollashar ekan, bachadon bilan “mushtlashish” uyqusizlikka olib kelishi mumkin.

Homilaning tobora kattalashayotgan o‘lchamlari va homilador ayolning paylaridagi, shu jumladan, qov suyaklari birlashgan bo‘g‘im paylaridagi yuqorida ta’riflangan o‘zgarishlar qorin pastining o‘zida – qov suyaklari birlashgan bo‘g‘im sohasida g‘ayriodatiy hislarning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Hammasidan ko‘proq ular og‘riq, ayniqsa, yurganda seziladigan og‘riq sifatida namoyon bo‘ladi. Qov sohasini ezish ham og‘riqli bo‘lishi mumkin. Bu holatda, albatta, shifokorga murojaat qilish lozim: shunga o‘xshash hodisalarning ifodalanishiga bog‘liq holda u sizga jismoniy faollikni cheklash, tug‘ruqqacha taqiladigan bandaj, og‘riq qoldiradigan preparatlarni tayinlaydi.

Homiladorlikka qorin terisi ham reaksiya bildirmay qolmaydi. Kichkintoyni ko‘tarib yurganda teri, jumladan, qorin terisi bir muncha quruqshaydi va yallig‘lanish jarayonlariga moyil bo‘lib qoladi. Bu vaqtda qorin terisi cho‘zilishga eng ko‘p mubtalo bo‘ladi, bu qichimaga olib keladi. Buni bartaraf etish uchun namlaydigan kremdan foydalanish kifoya. Lekin yodda tutish lozimki, homiladorlik vaqtida bo‘lajak onaning allergik holatlar va kasalliklarga moyilligi ortadi, shuning uchun, agar qichima qizarish va toshmalar bilan birga kechsa, shifokorga murojaat etishni esdan chiqarmang.

Va nihoyat, homiladorlikning 37 haftasigacha biz qo‘rqadigan, lekin mazkur hafta o‘tganidan keyin esa sabrsizlik va hayajon bilan kutadigan narsa haqida. Fahmlaganingizdek, so‘z to‘lg‘oqlar haqida borayotir. Aytish joizki, ilk tayyorlov to‘lg‘oqlari (Brekston-Xiks to‘lg‘oqlari) homiladorlikning 7-oyida paydo bo‘lishi mumkin. Ular yuzaga kelganda bachadon zo‘riqadi, go‘yoki toshdek bo‘lib qoladi, lekin bu og‘riq hissi bilan birga kechmaydi va bachadon bo‘ynining ochilishiga olib kelmaydi. Ushbu to‘lg‘oqlar vaqtida bachadon muskulaturasi oldinda turgan tug’ruq vaqtidagi jadal ishga go‘yo tayyorgarlik ko‘radi. Bunday to‘lg‘oqlar uzoq cho‘zilmaydi, ularning soni soatiga 4 tadan oshmaydi. Aksariyat tug‘ruqlar boshlanadigan haqiqiy to‘lg‘oqlar tayyorlov to‘lg‘oqlaridan ozmi-ko‘pmi ifodalangan og‘riqli hislar bilan birga kechishi bilan farqlanadi – bir oz tortishlardan to qattiq spazmlarchaga.

To‘lg‘oqlar homiladorlik mobaynida siz boshdan kechiradigan oxirgi hislar bo‘ladi: aynan ular kichkintoyning tug‘ilishiga yordam beradi. Tug‘ruq oxirida bachadon mushaklarining beixtiyor qisqarishlariga (to‘lg‘oqlarga) oldingi qorin devorlari mushaklarining ixtiyoriy qisqarishlari (defekatsiya qistashida his qilinadigan kuchanishlar) qo‘shiladi. Keyin esa endi homilador bo‘lmagan qorinning yangi hayoti boshlanadi (yoki, aniqrog‘i, eski hayoti davom etadi).